“Malibu-2” rusumli avtomashinasini aldab sotgan shaxsga firibgarlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Toshkent. 2020 yilning 25 mart kuni Shayxontohur tumanida 41 yoshli R.M., o‘zganing mol-mulkini aldash va ishonchni suiisteʼmol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida, o‘ziga tegishli “Malibu-2” rusumli avtomashinasi bank tomonidan taqiqqa qo‘yilganligini bilgan holda, ushbu avtomashinani 28 yoshli A.Q., ga 28.000 AQSH dollariga sotishni vaʼda qilib, avtomashinada hech qanday taqiq yo‘qligiga A.Q.,ni ishontirib, uning ishonchiga kirib, 28.000 AQSH dollarini qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, ammo avtomashinani A.Q., ning nomiga rasmiylashtirish jarayonida, avtomashina taqiqda ekanligi oshkor bo‘lganidan so‘ng, avval olgan 28.000 AQSH dollarini qaytarib berishini aytib, vaʼda qilib, avtomashinani o‘zi bilan olib ketib, bergan vaʼdasi ustidan chiqmasdan, pul mablag‘larini o‘zining ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan R.M., ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida R.M. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti