Avtomashinaga o‘rnatilgan gaz balon portladi: sabablari aniqlanmoqda.
Andijon. Avval xabar qilganidek, 16 dekabr' kuni Andijon tumanidagi avtomashinalarga gaz quyish shaxobchalarining birida “Nexia-2” rusumli avtomashinasining orqa yukxonasiga o‘rnatilgan gaz balon portlaganligi oqibatida avtomashina haydovchisi 48 yoshli O.K. jarohat olgan.
O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, ushbu avtomashinaga gaz quyish uchun Jaxonobod mahallasida joylashgan avtomobillarga gaz quyish shaxobchasiga kirib kelgan. Gaz quyib bo‘lganidan so‘ng chiqib ketmoqchi bo‘lganida bir vaqtning o‘zida avtomashinaning oldi va orqa qismida gaz-havo aralashmasining chaqnashi oqibatida portlash sodir bo‘lgan. Portlash natijasida avtomashina jiddiy shikastlangan, haydovchi esa dvigatel qismida shovqin ovozini eshitganligi sababli zudlik bilan transport vositasini tark etgan va yengil tan jarohati olgan, boshqa jarohatlanganlar yo‘q. Portlash sabablarini aniqlash maqsadida, hodisa joyidan portlagan gaz balonning qoldiqlari tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, tegishli ekspretizalar tayinlangan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.