O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

18 may - Xalqaro muzeylar kuni

1977 yildan buyon dunyoda anʼanaviy tarzda 18 may “Xalqaro muzeylar kuni” sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Bu haqda “Xalqaro muzeylar maslahati” (International Council of Museums, ICOM) tashkilotining 1977 yildagi yigʼilishida qaror qabul qilingan. Har yili ushbu bayram muzeylar faoliyatiga bagʼishlangan oʼzining maʼlum bir mavzusiga ega boʼladi. 

Muzeylar bu ajdodlarimizdan bizga meros boʼlgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy xazina boʼlib, u yillar davomida boyib, toʼlib boradi.

Muzeylar faqatgina madaniy qadriyatlar namoyishigina boʼlib qolmasdan, ular bizni oʼtmish sayohatiga chorlovchi yoʼlchi yulduz hamdir. Oʼzbekiston muzeylari esa 130 yillik tarixga ega. Mamlakat miqyosida muntazam faoliyat yuritayotgan 1200 dan ziyod turli yoʼnalish va soha muzeylari tashrif buyuruvchilarni mamnun qilib kelmoqda. Muzeylar maʼnan boyib, muntazam kengayib boradi. Shu boisdan har bir davlat taraqqiyot sari odimlar ekan, doimo tarixga nazar tashlab, mavjud urf-odatlar, anʼanalar hamda qadimiy yodgorliklarni oʼrganishga va saqlashga intilishi tabiiy. Bu borada esa muzeylarning oʼrni beqiyos. Chunki ular uzoq oʼtmish meros boʼlib kelayotgan madaniyat, maʼrifat, tabiat yodgorliklarining yaxlit tizimga solingan yigʼindisi boʼlib, amaldagi qonun-qoidaga muvofiq saqlanadi va namoyish qilinadi.

Pandemiya sharoitida bu yilgi “Xalqaro muzeylar kuni” noodatiy tarzda boshqacha ruhda oʼtmoqda, biroq “Xalqaro muzeylar assosatsiyasi” tashkiloti shu sababdan, oʼzlarining tashrif buyuruvchilariga muzey eksponatlari bilan onlayn tarzda tanishish imkoniyati yaratib bermoqda.

Darhaqiqat, muzeylar maʼnaviy va maʼrifiy ilm oʼchogʼi sifatida doim taraqqiyotda, rivojlanish va oʼzgarishda. Ularni boyitib borish, boy meʼmoriy obidalarni kelajak avlodlarga yetkazish, asrab-avaylash har birimizdan alohida masʼuliyat talab etadi.

Text to speech