O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

O‘quv-seminarlari tergov bo‘linmalari xodimlarining bilim saviyasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda

2019 yil 10 avgust kuni Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik D.B.Tashxodjaev tomonidan tasdiqlangan o‘quv-seminari rejasiga muvofiq, tergov bo‘linmalari xodimlarining bilim saviyasi va kasb mahoratini oshirish, qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning amaliyotda qo‘llanishida bir xillikni ta’minlash hamda tergov bo‘linmalari tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruv va dastlabki tergovni olib borishda amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolarni qonuniy hal etish uchun viloyatlararo o‘quv-seminari o‘tkazish belgilangan.

Mazkur o‘quv-seminari rejasiga asosan joriy yilning 17 avgust kuni Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi mas’ulligida “Firibgarlikni fuqaroviy-huquqiy munosabatlardagi nizolardan farqlash, amaliyotda kelib chiqayotgan muammolar, bu sohadagi oqlov, qo‘shimcha tergov, sudlarning xususiy ajrimlari, prokuratura organlari taqdimnomalarining sabablari” mavzusida o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Tergov departamenti va uning quyi tergov bo‘linmalari xodimlari, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi A.Jalilov, vazirlik Akademiyasi Jinoyat va jinoyat-ijroiya huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi A.Rasulov, Oliy sud sudyasi J.Tirkashev, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi D.Salohiddinov, Toshkent shahar prokuraturasi ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari I.Bozorovlar ishtirok etishdi.

Seminarni Departament boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari podpolkovnik M.A.Sattarov ochib, bugungi kunda tizimda olib borilayotgan islohotlar zamirida tergov bo‘linmalari xodimlarining siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy va kasbiy bilimlarini oshirish eng dolzarb vazifalardan biri ekanligini ta’kidlab, ushbu o‘quv-seminarini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad xususidagi fikr-mulohazalarini bayon etdi.

Shundan so‘ng, seminarga taklif etilgan mehmonlar mavzuga doir o‘z fikr va mulohazalarini bildirishdi hamda seminar savol-javob shaklida davom ettirilib, ishtirokchilar firibgarlik jinoyatlarini tergov qilishda yuzaga kelayotgan muammolar va ularning echimlari yuzasidan o‘zaro fikr almashishdi.

Hozirda reja asosida o‘quv-seminar mashg‘ulotlari davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech