O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Qilni qirq yorib...

Joriy yilning 2 aprel kuni Namangan viloyat Namangan shahrida yashovchi “A” ismli shaxs Norin tuman IIBga ushbu tumanda yashovchi “N” ismli shaxs o‘ziga tegishli bo‘lgan “Neksiya II” rusumli avtomashinasida “marixuana” giyohvandlik vositasini saqlab, giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanayotganligi to‘g‘risida xabar bergan.

Ushbu xabar asosida tuman IIB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan vaqtda haqiqatdan ham avtomashinaning orqa o‘rindig‘i ostida 11 dona gugurt qutilariga joylashtirilgan, jami og’irligi 25,19 grammga teng bo’lgan “marixuana” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda olingan.

Mazkur holat yuzasidan Norin tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va jinoyat ishi Namangan viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.

Jinoyat ishi bo‘yicha Namangan viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi kapitan X.Abduraximov tomonidan har tomonlama, to‘la va xolisona olib borilgan dastlabki tergov davrida “N” ismli shaxs aslida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanmasligi, u va uning o‘g‘li “M” bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurgan “S” ismli ayol g‘arazgo‘ylik va past niyatlarda uning avtomashinasiga giyohvandlik vositasini tashlab qo‘yganligi, bunga uning tug‘ishgan ukasi, ya’ni Norin tumani IIBga “N” ismli shaxs giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelayotganligi to‘g‘risida xabar bergan “A” ismli shaxs yordam berganligi, u o‘zining “E” ismli tanishining bog‘ida o‘sib yotgan nam holatdagi “kannabis” o‘simligini terib olib, quritib, opasi “S”ga berganligi, bu ishlarda unga “I” va “Y” ismli shaxslar yordam berganliklari aniqlanib, bu holatlar inkor etib bo‘lmas dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan va “A”, “S” hamda “I” ismli shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari, 237-moddasi 2-qismi “a,b,g” bandlari, 238-moddasi 3-qismi “b” bandi va 276-moddasi 2-qismi “a” bandi, “E” ismli shaxsga nisbatan 139-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari, 238-moddasi 3-qismi “b” bandi, 276-moddasi 2-qismi “a” bandi, “Y” ismli shaxsga nisbatan 139-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari, 238-moddasi 3-qismi “b” bandi va 241-moddasi 2-qismi bilan ayblov e’lon qilinib, “A”, “S”, “I” va “E” ismli shaxslarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi, “Y” ismli shaxsga nisbatan esa uning shaxsi va oilaviy sharoitini inobatga olgan holda “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” ehtiyot chorasi tanlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov ayblov xulosasini tuzish bilan tamomlanib, jinoyat ishi ayblov xulosasini tasdiqlash va tegishli sudlovga yuborish masalasini hal qilishlik uchun viloyat prokuraturasiga yuborilgan.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, Namangan viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi kapitan X.Abduraximovning o‘tkir zehni, zukkoligi, yuqori bilim va malakaga ega ekanligi natijasida bir shaxs nohaq ayblovdan saqlanib qoldi va besh nafar shaxsning jinoiy qilmishlari fosh etildi. Endi ular qonun oldida javob berishadi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech