O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Davlat aktivlarini samarali boshqarish masalalari muhokama qilindi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 dekabr kuni davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish natijadorligi va bu yoʼnalishdagi ustuvor vazifalarga bagʼishlangan yigʼilish oʼtkazdi. Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida ma'lum qilingan. 

2017-2021 yillarda Oʼzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʼnalishi boʼyicha Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirish maqsadi ham belgilangan edi. Shunga muvofiq, joriy yil 14 yanvarda Prezidentimizning “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi farmoni qabul qilindi.

Oʼtgan qariyb bir yil mobaynida korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushini samarali boshqarish, iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sogʼlomlashtirish boʼyicha muayyan ishlar amalga oshirildi.

Tahlillarga koʼra, bugungi kunda mamlakatimizda 2819 ta davlat ishtirokidagi korxonalar mavjud. Ularning aksariyati eski usulda, samarasiz ishlagani sababli hatto dividend toʼlay olmaydi.

Prezident bu holatni jiddiy tanqid qildi.

– Davlat ishtirokini hech zarurat boʼlmagan sohalarda ham saqlab turibmiz. Davlat korxonalarini boshqarish, faoliyati samarasini oshirish, ularning funktsiyalarini xususiy sektorga berish boʼyicha hali sezilarli oʼzgarishlar boʼlmadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois, yigʼilishda 2020 yilda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish boʼyicha yangi vazifalar belgilandi.

Аvvalo, bunday korxonalarni isloh qilish yoki tugatish, saqlash yoki xususiy sektorga berish masalasini oʼrganish boʼyicha Bosh vazir, uning oʼrinbosarlari va maslahatchilari boshchiligida ishchi guruhlar tashkil etildi.

Jumladan, axborot texnologiyalari sohasidagi 140 ta korxona, hududlardagi kommunal, qurilish va xizmat koʼrsatish subʼektlariga tegishli 1573 ta, geologiya, metallurgiya, moliya tashkilotlari boʼyicha 137 ta, yengil sanoat, mashinasozlik va elektrotexnika tarmoqlaridagi 49 ta, ijtimoiy soha, turizm va farmatsevtika yoʼnalishidagi 449 ta, kimyo, neftь-gaz, energetika sohasidagi 42 ta, qishloq xoʼjaligi va oziq-ovqat tarmogʼidagi 330 ta, sanoat zonalaridagi 99 ta korxona boʼyicha alohida ishchi guruhlar tuzilib, ularning har biriga moliya vaziri oʼrinbosarlari biriktirildi.

Ishchi guruhlarga bir oy muddatda har bir korxonani toʼliq xatlovdan oʼtkazib, ularning rentabelligi, hozirgi quvvati va istiqbolini tahlil qilgan holda, 2020 yilga moʼljallangan aniq reja va takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Koʼplab kompaniyalarimiz moliyaviy hisobot yuritish, ichki nazorat va audit oʼtkazish, boshqaruvga mustaqil aʼzolarni kiritish kabi masalalarda oqsayotgani koʼrsatib oʼtildi.

Mutasaddilarga mazkur kompaniyalarda korporativ boshqaruvni keng joriy etish, bazaviy sohalardagi 32 ta yirik korxonani isloh qilishni jadallashtirish boʼyicha topshiriqlar berildi.

Samaradorlikning muhim koʼrsatkichlari – KPI (Key Performance Indicators) har bir korxonada ishlab chiqilishi va muntazam nazorat qilinishi lozimligi taʼkidlandi.

Davlat ulushi boʼyicha dividendlar hisoblanishi va byudjetga oʼtkazilishini nazorat qilish tizimini takomillashtirish boʼyicha ham vazifalar belgilandi.

Transport vazirligida Loyiha ofisi tuzib, ushbu sohadagi korxonalarga xususiy sektorni jalb etish yuzasidan koʼrsatmalar berildi.

Xususiylashtirishga oid yondashuvlarni tubdan yangilash, xalqaro ekspertlarni jalb etib, bu borada bozor iqtisodiyotiga xos va mos tizimga oʼtish zarurligi taʼkidlandi.

Xususiylashtirish va korporativ boshqaruv boʼyicha mutaxassislar tayyorlash hamda malakasini oshirish, davlat ishtirokidagi korxonalar rahbarlarini shu borada oʼqitish muhimligi qayd etildi.

Yigʼilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Text to speech