Yosh xodimlarni tergovchilik kasbiga tayyorlash mashgʼulotlari
Toshkent shahar IIBB boshligʼining oʼrinbosari polkovnik Z.Q.Аlimov tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan, 2020 yilda vazirlik Аkademiyasini tamomlab, poytaxtning tuman IIO FMBlari tergov boʼlinmalaridagi tergovchi va surishtiruvchi lavozimlariga tayinlangan yosh mutaxassis xodimlar bilan joriy yilning 24 avgust kunidan oʼquv mashgʼulotlari oʼtkazilishi yoʼlga qoʼyildi.
Mazkur oʼquv mashgʼulotlari tergov boʼlinmalari xodimlarining siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy, ijtimoiy-iqtisodiy bilimlarini oshirish, ularga davlat va jamiyatni rivojlantirish sohasidagi islohotlar hamda qonunchilikdagi yangiliklarning mazmun-mohiyatini, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, kelgusida xizmat faoliyati davomida jinoyat ishlari boʼyicha tergov sifatini taʼminlash maqsadida oʼtkazildi.
Oʼtkazilgan oʼquv mashgʼulotlarida yosh mutaxassis xodimlarning kasbiy koʼnikma hosil qilishlarini tezlashtirish, bilim saviyalarini oshirish, xizmatda yuzaga kelishi mumkin boʼlgan murakkab vaziyatlarda toʼgʼri qaror qabul qilishlari, xizmat intizomi va qonunchilikka soʼzsiz rioya etilishiga asosiy eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, oʼquv rejasida IIBB Kadrlar boshqarmasi psixolog xodimlari bilan hamkorlikda yosh xodimlar bilan psixologik-trening mashgʼulotlari oʼtkazilishi rejalashtirilgan.
Oʼquv mashgʼulotlari yakunida yosh xodimlarning bilim saviyasini aniqlash va amaliyotda olgan koʼniklarini oʼrganish maqsadida test sinovlari qabul qilinadi.
Ushbu yoʼnalishdagi ishlar Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi rahbariyati tomonidan doimiy tarzda davom ettirilishi nazoratga olingan.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti