“Odam savdosini oldini olish va unga qarshi kurashish” bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar sarhisobi va istiqbolli rejalar.
2020 yilning 15 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti hamda Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi o‘rtasida “odam savdosini oldini olish va unga qarshi kurashish” bo‘yicha tuzilgan memorandum asosida xalqaro va nodavlat tashkilotlari ishtirokida “odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashishda hamkorlik” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatida Respublika “istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi rahbari Karimova Nodira, markaz xodimlari Isakov Jaxongir va Qosimova Shohidalar hamda Tergov departamenti mas'ul xodimlari ishtirok etishdi.
Unda qabul qilingan memorandum asosida yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi ko‘rib chiqildi. Hisobotda qayd etilishicha, memorandum bo‘yicha 2019 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti va IIV Akademiyasi bilan hamkorlikda ichki ishlar organlarining ofiserlar tarkibidagi tinglovchilari ishtirokida 14 ta tadbir hamda Toshkent shahar va 8 ta viloyat hududlarining ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida 18 ta seminar tashkil etilgan.
Qolaversa odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha samarali xalqaro tajriba amaliyoti bilan tanishish maqsadida xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ishtirokida o‘quv amaliy trening o‘tkazilganligini, hamda unda Qozog‘iston Respublikasi IIV, “Sana sezim” tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi IIV, Davlat Bojxona Qo‘mitasi, Davlat xavfsizligi xizmati va boshqa soha xodimlari ishtirok etganligini alohida ta'kidlash joiz.
Davra suhbati yakunida “odam savdosini oldini olish va unga qarshi kurashish” bo‘yicha tuzilgang memorandum asosida 2020 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan istiqbolli rejalar haqida kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti