Qoraqalpog‘istonda sodir etilgan o‘g‘irlik jinoyatlari keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilindi.
Joriy yilning 23 yanvar kuni, Amudaryo tumani “Besh ovul” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari podpolkovnik M.T.Raxmatullaev, Amudaryo tumani prokurori J.T.Muftullaev, tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik U.B.Xudaybergenov hamda jamoat tashkilotlari mas'ullari va mahalla faollari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasining ba'zi tumanlarida sodir etilgan o‘g‘irlik va boshqa turdagi jinoyatlarining sabablari va ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar, kelgusida bunday holatlarni oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar keng muhokama qilindi. Xususan, keng jamoatchilik ishtirokida tumanning ikki fuqarosi tomonidan sodir etilgan o‘g‘irlik jinoyati, uning kelib chiqishiga imkon bergan shart-sharoitlar va sabablari o‘rganilib, qatnashchilarga ushbu jinoyat misolida har bir sodir etilgan jinoyat jazosiz qolmasligi, uning jamiyat uchun salbiy oqibatlari haqida to‘xtatilib o‘tildi.
Uchrashuv davomida podpolkovnik M.T.Raxmatullaev aholini hushyorlikka chaqirib, atrofdagilarga nisbatan befarq bo‘lmaslikni tavsiya qildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbarlari aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolarni o‘rganib, kelgusida fuqarolarimiz bilan huquq tartibot idoralarining hamkorligini yanada mustahkamlash masalasiga alohida e'tibor qaratishdi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti