Yurtimizga kirib kelayotgan Yangi yil bayrami munosabati bilan anʼanaga koʻra ulugʻ faxriylar, nuroniylar hamda ikkinchi jahon urushi va front orti qatnashchilari holidan xabar olinmoqda
Xotira aziz-qadr muqaddas. Yurtimizda bayramlar oldidan keksa avlod vakillariga hurmat koʻrsatish, nuroniy, faxriylar xolidan xabar olish yaxshi anʼanaga aylangan. Sababi, bugungi osuda kunlarimiz, farovon turmushimiz ularning mashaqqatli xizmati va bukilmas irodasi evaziga ekanini unutmaslik lozim.
Ayni shu maqsadda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov va masʼullar poytaxtimizda umrguzaronlik qilayotgan ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front va front orti faxriylari xonadonlarida boʻlishib, Prezidentimizning bayram tabriklarini yetkazishdi, shuningdek bayram sovgʻalarini ulashib, quvonchlariga sherik boʻlishdi.
Poytaxtimizning Mirobod tumanida yashovchi Margarita Ivanovna Filanovichning bolalik paytlari Leningrad qamalida oʻtgan. Urushning qiyinchiliklarini boshidan oʻtkazgan qahramonimiz bugungi dorilamon kunlarga shukrona keltiradi. Taʼkidlash lozim u oʻz umrini ilm-fan rivoji, tarix, falsafa, arxeologiya yoʻnalishlarini rivojlantirish, yangiliklar yaratishga sarflagan.
Yana bir faxriymiz Yakkasaroy tumani Muhandislar mahallasida istiqomat qiluvchi Kireyeva Lyubov Semyonovna boʻladi. Ayni oʻspirinlik davri fashistlarning konslagerida oʻtgan bu ayol, bugun tinch osuda yurtda yashayotganidan baxtiyor. 46-yil mehnat qilib bugun nafaqa gashtini surayotgan Lyubov Semyonovnaning hayot yoʻli chinakam iroda va matonat namunasi.
Masʼullar ushbu mahallada yashovchi yana bir faxriy Smolich Yuriy Georgiyevich xonadonida boʻlib, nuroniy otaxon bilan suhbatda boʻlishdi. Umrining koʻp qismini oʻzbek xalqi bilan oʻtkazgan qahramonimiz bugungi farovon turmushimiz haqida iliq fikrlarni bildirdi.
Ichki ishlar vazirligining mutasaddilari va maʼsullar shuningdek, poytaxtimizning Shayxontohur tumanida istiqomat qilayotgan Asqar Joʻrayev xonadonida ham boʻlishdi. Chinakam matonat va jasorat sohibi Asqar Joʻrayev ikkinchi jahon urushining ayni suronli yillarida vatan ozodligi uchun astoydil kurash olib borgan.
Masʼullar keksa faxriylar bilan uchrashish asnosida ularning yashash sharoiti, salomatligi hamda muammolarini ham oʻrganishdi. Bir soʻz bilan aytganda, yangi yil oldidan keksa avlod vakillariga hurmat ehtirom koʻrsatildi. Eslatib oʻtamiz, bu kabi uchrashuvlar hududlar kesimida ham davom ettirilmoqda.