-Shunchasini o‘zim qildimmi?! Mast holda bir qator jinoyatlar sodir etgan shaxs ushlandi
Samarqand viloyati. 2021 yil 10 dekabr kuni 23 yoshli N.F. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, shu kuni soat 04:40 larda Samarqand tumani “Oqmachit” mahallasida joylashgan oziq-ovqat savdo do‘koniga nomaʼlum shaxs hech, kim yo‘qligidan foydalanib, savdo do‘konini kirish eshigini sindirish yo‘li bilan kirib, do‘kon ichida bo‘lgan bahosi 210.000 so‘mlik jami 6 kg sarimsoq piyozini hamda bahosi 100.000 so‘m turadigan bir dona temir seyfini yashirin ravishda talon-taroj qilib, hodisa joyidan yashiringanligini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.
Bundan tashqari, joriy yilning 10 dekabr kuni yana bir necha nafar fuqarolar tuman IIBga arizalar bilan murojaat qilib, shu kuni soat 04:00 dan to 04:30 larga qadar nomaʼlum shaxs Samarqand tumani “Oqmachit” mahallasida joylashgan “Shourma” do‘konining, bahosi 50.000 so‘m turadigan eshik oynasini, “OPTOVIK.UZ” savdo majmuasining jami bahosi 550.000 so‘m turadigan ikki dona deraza oynasini hamda “Agrobank” Aksiyadorlik Tijorat banki Samarqand filialiga qarashli jami bahosi 43.000.000 so‘mlik “Humo” bankomatini urib sindirib ketganligini va ushbu nomaʼlum shaxsni aniqlab, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rashgan.
Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida yuqorida ko‘rsatilgan holatlarning barchasini Samarqand viloyati Payariq tumanida yashovchi 32 yoshli B.Ya. sodir etganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Samarqand tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan B.Ya.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 169-moddasi 2-qismi “G” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qonunbuzar bilan bir qator tergov harakatlari o‘tkazilganda, u 10 dekabr kuni soat 01:00 larda ish joyi bo‘lmish, avtomashinalarni yuvish shaxobchasiga bormoqchi bo‘lganligini, biroq adashib “Oqmachit” mahallasi hududiga kelib qolganligini va o‘sha yerda joylashgan oshxonalardan biriga kirib spirtli ichimliklar isteʼmol qilganligidan so‘ng yuqorida aytib o‘tilgan jinoyatlarni sodir etganligini maʼlum qilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Muallif: Tergov departamenti katta tergovchisi
podpolkovnik Sh.I.Xasanov
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti