O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

8 mart kuni qiz boladan pul talab qilgan shaxs ushlandi

Andijon viloyati. 2022 yil 05 mart kuni 16 yoshli G‘.G. tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda o‘ziga tegishli bo‘lgan “SIM” kartasini yo‘qotib qo‘yganligini, uni topish maqsadida o‘zining telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilganida notanish shaxs ko‘tarib, haqiqatdan ham “SIM” karta hozir o‘zida ekanligi va ushbu raqamga ulangan “Telegram” messenjerini ochib, sir saqlanishi lozim bo‘lgan maʼlumotlarni yuklab olganligini bildirib, maʼlumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yubormasligi uchun 400 ming so‘m pullarni talab qilib kelganligini maʼlum qilib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur arizaga asosan joriy yilning 8 mart kuni tuman IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tovlamachilik yo‘li bilan G‘.G.dan talab qilayotgan 400 ming so‘m pullardan 200 ming so‘m pullarni olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanib, u Qo‘rg‘ontepa tumani Ko‘kbuloq ko‘chasida yashovchi 25 yoshli Q.A. ekanligi aniqlangan.

Mazkur holat bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Q.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Taʼkidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksi normalariga ko‘ra, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech