Bezorilik sodir etayotgan ayol, jabrlanuvchining qulog‘ini tishlab oldi
Toshkent viloyati. 2022-yil 15-yanvar kuni soat 20:00 larda, muqaddam bir necha marotaba sudlangan 31 yoshli D.F. Ohangaron tuman Eyvalek MFY 6-uy oldida bo‘la turib, jamiyatda yurish turish qoidalarini qasddan mensimasdan shu uyda yashovchi o‘ziga notanish 34 yoshli N.I. bilan janjallashib, uning sochidan tortgan vaqtda, ayolning bezorilik harakatlarini ko‘rib, unga chek qo‘ymoqchi bo‘lgan yana 3 nafar qo‘shnilariga ham faol qarshilik ko‘rsatib, N.I.,ni chap qulog‘ini tishlab, unga tan jarohatlari yetkazganligi aniqlangan.
Sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasida N.I.,da yengil turdagi tan jarohatlari mavjudligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Ohangaron tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan D.F.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Tergov harakatlari davomida ushbu janjalning kelib chiqish sabablari aniqlanib huquqiy baho berilishi taʼminlanadi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Taʼkidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksida 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti