“Bochka”da psixotrop moddasini sotayotgan shaxs tezkor-tadbir davomida ushlandi
Toshkent viloyati. 2022 yil 5 aprel kuni soat 11:30 larda Toshkent viloyati IIBB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi Tog‘li chegara tezkor xizmat bo‘limi xodimlari va Bo‘stonliq tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida, 30 yoshli M.J. va 23 yoshli M.T.lar Bo‘stonliq tumani Chorbog‘ qo‘rg‘onida joylashgan “Bochka” kafesining ovqatlanish shaxobchasining avtoturargohida ushbu tadbirga shartli ravishda xaridor sifatida jalb qilingan fuqaroga 800 ming so‘m pul evaziga “Sol” Alfa-PVP moddasini sotgan vaqtida tezkor-tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Sud-kimyoviy ekspertizasi xulosasida tezkor-tadbir davomida shartli ravishda xaridor sifatida jalb qilingan fuqarodan olingan sariq rangli rezina qopchada bo‘lgan og‘zi mahkamlanadigan polimer paketchani ichidagi oq-sariq rangli yaltiroq kristall-kukunsimon moddaning tarkibida alfa-pirrolidinovalerofenon (a-RVR) moddasi mavjud bo‘lib, uning sof og‘irligi 0,101764 grammni tashkil etishi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Bo‘stonliq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan yuqoridagi shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 273-moddasi 3-qismi “b” bandi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib ko‘p bo‘lmagan miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlanganlar.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Taʼkidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti