Daryoga oqizib yuborilgan bankomat
Toshkent viloyati. “Kapitalbank” ATB amaliyot boshqaruvchisi O‘rtachirchiq tuman Ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilib, unda joriy yilning 26 yanvar kuniga o‘tar kechasi nomaʼlum shaxs tomonidan O‘rtachirchiq tumani Toshkent yo‘li ko‘chasiga o‘rnatilgan “Kapitalbank”ga tegishli bo‘lgan bahosi 145 mln. so‘mlik bankomat o‘g‘irlab ketilganligi haqida maʼlum qilib, ushbu nomaʼlum shaxsni aniqlab, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan O‘rtachirchiq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida, mazkur jinoyat O‘rtachirchiq tumanida yashovchi 24 yoshli E.A., 22 yoshli S.N. va 23 yoshli Yu.D.,lar tomonidan bir guruh bo‘lib sodir etilganligi aniqlangan.
Tergov davomida, qonunbuzarlardan mazkur bankomatni qayerga yashirganlari so‘ralganda, ular bankomatni temir jism yordamida buzib ochishganliklari, biroq bankomat ichida pul bo‘lmaganligi sababli uni Toshkent shahar Bektemir tuman hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosiga tashlab yuborishganliklarini maʼlum qilishgan.
Hozirda, ushbu shaxslarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti