“Geroin” giyohvandlik moddasi sotayotgan shaxs qo‘lga olindi
Samarqand viloyati. 2022 yil 19 aprel kuni soat 16.00larda Urgut tumani IIB TvaEQKB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Urgut tumani “Yuqori Qayroqli” mahallasi hududida 50 yoshli E.A. tadbirga “shartli xaridor” sifatida jalb qilingan shaxsga 3 dona rangsiz sellofan bo‘lagiga alohida-alohida qadoqlangan holdagi och sarg‘ish rangli, o‘tkir hidli, toshchasimon-kukunsimon ko‘rinishdagi moddalarini 400.000 so‘m evaziga qonunga xilof ravishda sotgan vaqtida ushlanib, undan tadbirda ishlatilgan 400.000 so‘m pullar xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirilib olingan.
Sud-kimyoviy ekspertizasi xulosasida tezkor-tadbir davomida olingan 3 (uch) dona rangsiz sellofan bo‘lakchasiga alohida-alohida solingan och sarg‘ish rangli, o‘tkir hidli, toshchasimon-kukunsimon ko‘rinishdagi moddalar tarkibida faol giyohvand modda deatsetilmorfin mavjudligi, bu moddalar “geroin” giyohvandlik moddasi turiga kirishi, moddaning umumiy sof og‘irligi 0,08 grammga teng ekanligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan yuqoridagi shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 273-moddasi 5-qismi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Taʼkidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti