Giyohvandfurushlarning “zanjirini uchi” aniqladi
Toshkent viloyati. 02 dekabr kuni soat taxminan 17:00 larda Toshkent viloyati IIBB hamda DXX xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarini noqonuniy aylanmasini oldini olish maqsadida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Yangihayot tumani Yangichoshtepa mahallasida joylashgan xonadon tekshirilganda, ushbu uyda 50 yoshli S.Sh. vaqtinchalik ijarada yashab kelayotganligi aniqlanib, xonadonni yotoqxonasida taxlangan ko‘rpachalar orasidan 3 dona qora rangli polietilen bo‘lagiga o‘ralgan o‘tkir hidli moddalar, yotoqxonada bo‘lgan bolalar yotog‘i ostidan 4 dona qora rangli polietilen bo‘lagiga o‘ralgan o‘tkir hidli moddalar mavjudligi aniqlanib, xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, tezkor tadbir davomida S.Sh. yashab kelayotgan xonadondan olingan modda, quruq, presslangan qirrasimon shakldagi, tarkibida faol tetragidrokannabiol mavjud bo‘lgan “gashish” giyohvandlik vositasi ekanligi hamda uning sof og‘irligi 997,43 grammni tashkil etishligi aniqlangan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida S.Sh. ushbu giyohvand vositasi kimdan sotib olganligi aniqlangan va shu kunning o‘zida tezkor tadbir davom ettirilib ushbu tadbirga shartli xaridor jalb qilingan fuqaroga 34 yoshli M.Sh. uning jinoiy sheriklari 31 yoshli G.J. hamda 29 yoshli X.J.lar Yuqorichirchiq tumani Istiqlol M.F.Y. hududidagi kafelarning birida uchrashuv belgilab, ushbu shaxslar xaridor sifatida jalb qilingan shaxsga 3.350 AQSH dollariga alohida oq va qora rangli sellofan paketlarga o‘ralgan giyohvandlik moddasini sotishayotgan vaqtda tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, tezkor tadbir davomida olingan moddalar tarkibida faol tetragidrokanabinol mavjud bo‘lgan, sof og‘irligi 99,58 gr. bo‘lgan “gashish” giyohvand vositasi hamda tarkibida morfin mavjud bo‘lgan sof og‘irligi 13,43 gr. bo‘lgan “OPIY” giyohvand moddasi ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan (Ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida S.Sh., M.Sh., G.J. hamda X.J.larga nisbatan ushbu modda bilan ayblov eʼlon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti