O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Qishga g‘amlangan og‘uning makoni aniqlandi, og‘ilxonadan naqd 14 kg “mahsulot” olindi

Toshkent viloyati. 2021 yilning 21 yanvar kuni soat 11:30 da Yuqorichirchiq tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 36 yoshli Dmitriy K.,ning Yuqorichirchiq tumani T.G.Xvan mahallasida joylashgan yashash xonadoni ko‘zdan kechirilgan vaqtda, uyning cho‘chqaxonasidagi bostirma qismidagi  1 dona 100 litr va 1 dona 60 litr hajmdagi yelim idishlarda yashil rangli, o‘tkir hidli, ko‘rinishidan “nasha” giyohvandlik moddasi o‘simligiga o‘xshash bo‘lgan quritilgan holdagi o‘simlik tuplari borligi hamda shu yerdagi o‘choqda osilgan qozonchada “nasha” giyohvandlik moddasiga o‘xshash bo‘lgan o‘simligini qovurilgan holatda saqlab kelayotganligi aniqlanib, xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Sud kimyoviy ekspertizasi xulosasida, Dmitriy K.,ning uyidan olingan modda tarkibida faol giyohvand modda tetragidrokannabinol mavjud bo‘lgan “marixuana” giyohvandlik vositasi ekanligi va ularning umumiy og‘irligi 13899 grammni tashkil qilishi hamda qozondan olingan yog‘da qovurilgan “marixuana” giyohvandlik vositasining og‘irligi 270,14 gramm ekanligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Yuqorichirchiq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan  Dmitriy K., ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi ( Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov jarayonida Dmitriy K.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi (ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositalarini sotishga suiqasd qilish) bilan ayblov eʼlon qilingan hamda “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. 

 

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech