Turmush o‘rtog‘ini uyiga qaytarish uchun o‘ylab topilgan yolg‘on jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘ldi
Toshkent shahri. 2021 yilning 20 fevral kuni 41 yoshli Dildora M., Shayxontohur tumani IIO FMB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda 2021 yilning 19 fevral kunidan 20 fevral kuniga o‘tar kechasi soat 02:20 larda Shayxontohur tumani Uchlola ko‘chasida joylashgan xonadonining kirish yo‘lagi oldida, voyaga yetmagan 16 yoshli o‘g‘li Mustafo T.,ni yuziga niqob kiyib olgan nomaʼlum shaxs urib, 20.000.000 so‘mlik tilla-taqinchoqlarini olib qochganligini maʼlum qilgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida, Dildora M., turmush o‘rtog‘ini uyiga qaytarish maqsadida ushbu yolg‘onni o‘ylab topganligini maʼlum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Dildora M.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 237-moddasi 1-qismi (Yolg‘on xabar berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti