Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida bir guruh shaxslar tomonidan pichoqbozlik sodir bo‘lgani aks etgan videolavha yuzasidan
Surxondaryo viloyati. 2021 yil 10 fevral kuni soat 14:30larda Sariosiyo tumani “Nurobod” mahallasida yashovchi 29 yoshli Rajaboy M., ning oldiga sobiq turmush o‘rtog‘i 29 yoshli Marhabo M., ning ukasi 18 yoshli Olloberdi T., va tanishi 17 yoshli Mustafo R.,lar opasiga tegishli bo‘lgan uyali telefon apparatini olib qo‘yganligining sababini bilish maqsadida kelganlarida, ularning yonidagi yog‘och tayoq (bita) ni Rajaboy M., ko‘rib qolib, akasi 37 yoshli Farxod M., hamda qarindoshi 31 yoshli Murodali H.,lar bilan birgalikda qo‘llaridagi tayoqlari bilan Olloberdi T., va tanishi Mustafo R.,larga tan jarohati yetkazishgan vaqtlarida, Olloberdi T., doimiy ravishda yonida olib yuradigan chopqi pichog‘i bilan Farhod M.,ning ko‘krak o‘ng old sohasi, Rajaboy M.,ning chap kurak pastki qirg‘og‘iga va Murodali H.,ning o‘ng pastki qovoq sohasiga jarohat yetkazgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida, Rajaboy M., turmush o‘rtog‘i Marhabo M., bilan norasmiy ajrashganliklaridan so‘ng, Marhabo M., turmush o‘rtog‘ini rashq qilib, u ishlaydigan dorixonaga borib janjal qilib, dorixonaning oynasini qattiq jism bilan urib sindirganligi sababli, Rajaboy M., dorixonaga yetkazilgan zararni qoplab bersagina, uyali telefon apparatini qaytarib berish sharti bilan olib qo‘yganligi maʼlum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Sariosiyo tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Olloberdi T.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “m” bandi (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
Hozirda Rajaboy M., Murodali H., Farhod M., lar olgan tan jarohatlari tufayli shifoxonaga yotqizilgan va ularga nisbatan sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Shuningdek, jinoyat ishi doirasida yog‘och tayoq (bita) va chopqi pichoqlar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan va janjalning boshqa ishtirokchilarining xatti-harakatlariga ham huquqiy baho berilishi taʼminlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti