Marg‘ilon shahrida kaliti bilan qoldirilgan “Spark” rusumli avtomashina olib qochildi
Farg‘ona viloyati. Marg‘ilon shahar IIBga 27 yoshli Abduqaxxor K., murojaat qilib, 2021 yil 01 aprel kuni soat 11:45 da Marg‘ilon shahar Serquyosh ko‘chasida joylashgan uyining oldida o‘ziga tegishli “Spark” rusumli avtomashinasini qoldirib yashash xonadoniga kirib ketib, oradan bir oz vaqt o‘tgach, ko‘chaga qaytib chiqqanida avtomashinasi yo‘q ekanligini maʼlum qilgan.
Hodisa joyiga zudlik bilan tergov-tezkor guruhi yetib borib, viloyat miqyosida “to‘sib ushlash” tadbiri eʼlon qilingan va Abduqaxxor K.,ga tegishli “Spark” rusumli avtomashinani muqaddam bosqinchilik, o‘g‘rilik jinoyatlari uchun bir necha marotaba sudlangan 33 yoshli Otabek A., mast holatda Farg‘ona shahri Beshbola MFY., hududida boshqarib ketayotganida ushlangan.
Tergov harakatlari davomida, Abduqaxxor K., avtomashinasining eshigini ochiq va kalitini o‘t oldirish joyida qoldirib ketganligi sababli ushbu jinoyat yuz berganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Marg‘ilon shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Otabek A.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (Transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu modda bilan ayb eʼlon qilingan va “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hurmatli fuqarolar avtomashinangizning eshigini qulflanganligiga, kalitini o‘t oldirish joyida qoldirmaganligingizga ishonch hosil qiling, jinoyat sodir etilishiga imkoniyat yaratib bermang!
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti