Katta miqdordagi pirotexnika vositalari qo‘lga olindi va jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Samarqand. 2019 yil 24 dekabr kuni taxminan soat 21:00 larda Samarqand viloyati IIB, DXX va Samarqand shahar IIB JQB xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir natijasida, Samarqand tumanida yashovchi fuqaro 19 yoshli A.Z. umumiy bahosi 25.000.000 so‘mlik turli xildagi pirotexnika vositalarini qonunga xilof ravishda sotayotgan vaqtida ushlangan va undan ushbu vositalar tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan A.Z.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2501-moddasi 1-qismi (Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida, olingan ushbu pirotexnika vositalari A.Z.ga Samarqand shahrida yashovchi 35 yoshli fuqaro S.T. tomonidan sotilganligi aniqlangan.
Fuqaro S.T.ning uyida o‘tkazilgan tintuv jarayonida, uyning tom va yer to‘la qismidan umumiy bahosi 300.000.000 so‘mlik har xil turdagi pirotexnika vositalari qonunga xilof ravishda saqlanib kelayotganligi aniqlanib, S.T.dan tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan va u jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan.
Hozirda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti