Odamlarning ishonuvchanligini suiisteʼmol qilgan talonchi
Toshkent viloyati. 2022 yil 14 fevral kuni soat 15:00larda Chirchiq shahar Pushkin ko‘chasida joylashgan uylarning ro‘parasida nomaʼlum shaxs 12 yoshli D.G. yoniga kelib, undan tanishlariga qo‘ng‘iroq qilib olishlik uchun telefon apparatini berib turishini so‘rab, voyaga yetmagan fuqaroga sog‘lig‘i yomonlashganligini, undan yashash uyiga kirib suv olib chiqishini va ushbu joyni o‘zida uni kutib turishini aytib, D.G.ning yashash uyiga kirib ketganligidan foydalangan holda qo‘ng‘iroq qilish uchun olgan “I Phone 5 S” rusumli uyali qo‘l telefon apparatini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, nomaʼlum tomonga qochib ketganligi aniqlangan.
Olib borilgan tergov-tezkor ishlari natijasida, mazkur jinoyat 22 yoshli R.M. tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, undan D.G.ga tegishli bo‘lgan “I Phone 5 S” rusumli telefon apparati xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olib qo‘yilgan.
Dastlabki tergov davomida aniqlanishicha, R.M. o‘zining jinoiy qilmishini davom ettirib, joriy yilning 11 fevral kuni soat 20:45 larda Chirchiq shahar Yoshlik ko‘chasi 5-uyda yashovchi tanishi 51 yoshli T.O.ning yashash xonadoniga kelib, u bilan bir piyola choy ustida o‘zaro suhbatlashib o‘tirib, T.O.dan tanishlariga qo‘ng‘iroq qilib olishlik uchun “Samsung A11” rusumli telefon apparatini so‘rab, unga tanishlari bilan ko‘chada gaplashib kelishini aytib, “Samsung A11” rusumli telefon apparatini ochiqdan-ochiq talon toroj qilib, nomaʼlum tomonga qochib ketgan.
T.O.ga tegishli bo‘lgan “Samsung A11” rusumli telefon apparati ham xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olib qo‘yilgan.
Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan R.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 166-moddasi 3-qismi “a” bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti