“Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘idagi tanishuv yaxshilik bilan tugamadi
Qashqadaryo viloyati. Qarshi shahar Nizomiy ko‘chasida yashovchi 32 yoshli N.Q. shahar IIO FMB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, o‘z arizasida 2021 yilning dekabr oyi o‘rtalarida “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘i orqali “Abror” ismli shaxs bilan tanishib, u bilan bir marotaba yaqin munosabatda bo‘lgan holatini yashirincha videotasvirga olib, keyinchalik ushbu videotasvirlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, uydagilariga ko‘rsatish bilan qo‘rqitib, videotasvirni oshkor qilmaslik evaziga 2022 yilning 07 yanvar kuni 900 AQSH dollari talab qilib olgan bo‘lsa-da, yana ushbu videoni tarqatmaslik evaziga narxi 4.500.000 so‘mlik “Samsung Galaxy A-71” rusumli telefon apparatini va 2.500.000 so‘mlik bir juft tilla sirg‘alarini berishini talab qilayotganligini maʼlum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, o‘zini “Abror” deb tanishtirgan shaxs fuqaro N.Q.,dan talab qilingan “Samsung Galaxy A-71” rusumli telefon apparati va bir juft tilla sirg‘alarini olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanib, shaxsiga aniqlik kiritilganida, u Koson tumanida yashovchi 34 yoshli N.J. ekanligi maʼlum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan N.J.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov jarayonida N.J. muqaddam yuqoridagi modda bilan sudlanganligi aniqlanib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, “qamoqqa olish” tarzdagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda tergov davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti