Seyfdan pul o‘g‘irlagan shaxslar ushlandi, tergov olib borilmoqda.
Toshkent viloyati. 2020 yil 17 yanvar' kunidan 18 yanvar' kuniga o‘tar kechasi noma'lum shaxslar Bo‘ka tumani Ravot mahallasida yashovchi 61 yoshli R.V. ning uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, yotoqxonadan ichida 8.500 AQSh dollari miqdoridagi pullari bo‘lgan temir seyfini yashirin ravishda o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringan.
Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish jarayonida 1 dona erkaklar bosh kiyimi va 2 dona erkaklar kurtkasi ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Dastlabki tergov jarayonida bir nafar guvoh o‘z ko‘rsatuvida, hodisa joyida “Vaz-2106” rusumli avtomashina va uning davla' raqamini taxminiy aytib o‘tgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu avtomashinaning egasi Sirdaryo viloyatida yashovchi 22 yoshli U.S. ekanligi, bundan tashqari uning yana ikki nafar jinoiy sheriklari 30 yoshli B.S. va 28 yoshli Sh.S. lar ekanliklari ham aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Bo‘ka tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov jarayonida moddiy zarar to‘liq qoplangan. Har bir shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan ayblov e'lon qilingan va “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti