Pichoqbozlik bilan boshlangan janjal oʼlim bilan yakunlandi!
Ikki doʼstning oʼzaro janjali vaqtida pichoq bilan yetkazilgan jarohat oqibatida ulardan biri vafot etdi.
2019 yilning 13 noyabr kuni taxminan soat 02:00 da fuqaro 24-yoshli А.I. doʼsti 19-yoshli X.G. bilan Аndijon viloyati Аsaka tumani Xonaqa mahallasi Qashqar koʼchasida oʼzaro janjallashib, yonidagi pichoq bilan X.G.ning badaniga bir marotaba urib, unga tan jarohati yetkazgan.
Fuqaro X.G. olgan tan jarohati oqibatida tibbiy yordam koʼrsatilishiga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.
Tergov tezkor guruhi tomonidan hodisa joyini koʼzdan kechirish jarayonida qon dogʼlari va X.G.ning kiyimlari hamda bir dona pichoq hujjatlashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan 2019 yilning 13 noyabr kuni Аsaka tumani IIB huzuridagi tergov boʼlimi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (odam oʼlishiga sabab boʼlgan qasddan badanga ogʼir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, А.I. protsessual tartibda ushlangan hamda holat yuzasidan gumon qilinuvchi tariqasida soʼroq qilingan.
Hozirda ushbu jinoyat ishi boʼyicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti