O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

“102” ga yolg‘on xabar berishning oqibati

Farg‘ona viloyati. 2021 yilning 14 aprel kuni Toshloq tumani Toshloq mahallasida yashovchi 39 yoshli D.Mansurjon Farg‘ona viloyat IIB ga “102” qisqa raqami orqali murojaat qilib, unda shu kuni soat 09:00 larda uyining oldida qoldirgan davlat raqami bo‘lmagan qora rangli, “Gentra” rusumli avtomashinasini nomaʼlum shaxslar tomonidan olib qochilganligini maʼlum qilgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari davomida, D.Mansurjonni  avtomashinasi olib qochib ketilmaganligi, balki u fuqaro I.Boburdan “Gentra” rusumli avtomashinasini sotib olib, nomiga rasmiylashtirib, avtomashinani shu kunga qadar I.Boburdan o‘zining egaligiga ololmayotganligi tufayli, avtomashinani boshqa yo‘llar bilan olish maqsadida, IIBga yolg‘on xabar berganligi aniqlanib, I.Boburdan “Gentra” rusumli avtomashina ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Toshloq tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan D.Mansurjonga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 237-moddasi 1-qismi (Yolg‘on xabar berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Taʼkidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksi normalariga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

 

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech