Narxi 1 850 000 so‘mlik Tramadol
Navoiy viloyati. 2021 yilning 02 aprel kuni soat 16:55da Zarafshon shahar IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.Shodimurod psixotrop moddani qonunga xilof ravishda o‘tkazish maqsadini ko‘zlab, Zarafshon shahar Miraj-2 dala hovli jamiyatida joylashgan xonadonda shartli ravishda mijoz sifatida jalb qilingan fuqarolarga sof vazni 1,90 gramm bo‘lgan 5 dona «Tramadol» psixotrop moddalarni 1 850 000 so‘m evaziga sotgan vaqtida ushlangan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, M.Shodimurod 5 dona «Tramadol» psixotrop moddalarni tanishi 58 yoshli Sh.Zarifdan olganligi, u esa shifokor retsepti asosida dorixonadan sotib olganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Zarafshon shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan M.Shodimurodga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda sotish ) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.
Jinoyat ishi doirasida fuqaro Sh.Zarifning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi taʼminlanadi.
Hozirda tergov davom etmoqda.
Taʼkidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksi normalariga ko‘ra, 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti