Samarqand darvozadagi “shar” sotuvchilarning janjali...
Toshkent shahri. 2021 yilning 05 aprelь kuni soat 22:00 dan 23:30 lar oraligʼida 22 yoshli Dostonjon Q., Shayxontohur tumani Samarqand darvoza koʼchasida joylashgan avtomashinalar yuvish shahobchasi yonida Аlisher А., bilan kelib chiqqan oʼzaro janjal natijasida yonida boʼlgan pichoq bilan jarohat yetkazgan. Natijada shu kuni soat 04:45da Аlisher А., olgan jarohatlari tufayli koʼrsatilgan muolajalarga qaramay shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani boʼyicha IIO FMB huzuridagi Tergov boʼlinmasi tomonidan Dostonjon Q.,ga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (Qasddan badanga ogʼir shikast yetkazish natijasida jabrlanuvchining oʼlimiga sabab boʼlsa) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan.
Tergov harakatlari jarayonida, ushbu janjalning kelib chiqishiga Dostonjon Q., va Аlisher А.,lar hamda ularning yonida boʼlgan sheriklari Samarqand darvoza savdo markazi yonida “havo sharlari” sotib turgan vaqtlarida joy talashishlari sabab boʼlganligi aniqlangan.
Hozirda ushbu janjalda ishtirok etgan barcha fuqarolarning shaxsi aniqlanib, ular bilan tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti