Olmaliqda 43 yoshli shaxs sal kam 5 kilogramm giyohvandlik vositasi bilan ushlandi
Toshkent viloyati. 2020 yilning 21 may kuni soat 01:10 da Toshkent viloyati IIBB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir davomida, fuqaro 43 yoshli S.U., Olmaliq shahar Olmaliqsoy ko‘chasida giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishda gumon qilinib, xolislar ishtirokida shaxsiy tintuv qilingan vaqtda, uning o‘ng qo‘lida bo‘lgan sumkasining ichida giyohvandlik vositasiga o‘xshash o‘simlik vositasi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Sudga oid kimyoviy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra fuqaro S.U., dan olingan vosita og‘irligi 4.758 grammga teng bo‘lgan «marixuana» giyohvandlik vositasi ekanligi aniqlangan.
Holat yuzasidan Olmaliq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi (ko‘p miqdordagi giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotishga suyqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, S.U. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, prosessual tartibda ushlangan. Hozirgi vaqtda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti