Fuqarolarni aldagan yana bir xususiy bandlik agentligiga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda
Samarqand. 2018 yilning dekabr' oyidan 2019 yilning dekabr' oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida fuqaro M.O., tanishi O.Z., bilan bir guruhga birlashib, ijara olingan Samarqand shahri Beruniy ko‘chasidagi 32A uyda “Consort xususiy bandlik agentligi” MChJning ofisini tashkil qilib, o‘zgalarning mulkini firibgarlik yo‘li bilan egallash maqsadida, xorijda ishlash istagini bildirgan fuqarolarga Yaponiya, Germaniya va boshqa xorijiy davlatlariga ishga yuborishni va'da qilishib, 100 yaqin fuqarolardan jami 786.948.000 so‘m pullarni qo‘lga kiritishgan.
Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIV huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan “Consort xususiy bandlik agentligi” MChJ direktori M.O. va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi doirasida jami 95 nafar fuqarolar ariza bilan murojaat qilgan bo‘lib, shulardan 84 nafar fuqaro so‘roq qilinib, jabrlanuvchi deb e'tirof etilgan bo‘lsa, qolgan 11 nafar fuqarolarimiz respublikamizning turli viloyatlarida yashab kelayotganligi sababli ular bilan bog‘liq tergov harakatlarini o‘zlarining yashash hududi bo‘yicha o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.
Dastlabki tergov davomida jinoyat ishi bo‘yicha fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararning 366 mln. so‘m qoplangan. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti