Vaqtinchalik yashab kelgan uyi tomorqasida 50 tup “kannabis” yetishtirib kelgan fuqaro aniqlandi
Qashqadaryo viloyati. Joriy yilning 12 may kuni Qamashi tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Qamashi tumani Jonbuz qishlog‘i hududida joylashgan fermer xo‘jaligi ko‘zdan kechirilganda, ushbu fermer xo‘jaligida vaqtinchalik yashab va ishlab kelayotgan 57 yoshli T.X. ushbu fermer xo‘jaligida joylashgan uyi tomorqasining yer maydoniga ishlov berib, giyohvandlik vositasi urug‘larini yer maydoniga sepib, shundan unib chiqqan 50 tup giyohvandlik vositasi o‘simligini yetishtirib kelganligi aniqlanib, xolislar ishtirokida tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Sud-kimyoviy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan yashil rangli o‘simlik tarkibida kannabidiol moddasi borligi, bu taqiqlangan “kannabis” o‘simlik turi ekanligi, ushbu 50 to‘p “kannabis” o‘simligining nam holatdagi jami sof og‘irligi 165 gramm ekanligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat bo‘yicha Qamashi tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan fuqaro T.X.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi (Taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti