Kapsulalar ichidagi noqonuniy ashyolar aniqlandi, vazni arzimagan bo‘lsada, ular uchun kamida 10-20 yilgacha jazo tayinlanishi mumkin
Samarqand viloyati. 2021 yilning 09 yanvar kuni soat 17:00 larda Samarqand tuman IIB xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalarini noqonuniy ravishda aylanmasini oldini olish maqsadida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, IIB xodimlarida shubha uyg‘otgan fuqaro Jahon Sh., shaxsiy tintuv qilingan vaqtida, uning yonidan 6 dona oq-qizil rangli kapsula olinib, ushbu kapsulalarni “Mashhur” ismli shaxsdan olinganligi aniqlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, Samarqand tumani “Obod” mahallasida yashovchi fuqaro 35 yoshli Mashhur K., tadbirga xaridor sifatida jalb qilingan fuqaroga oq qog‘ozga o‘ralgan 17 dona oq rangli dumaloq shakldagi tabletkalarni 360.000 so‘mga sotgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan ushlanib, IIB binosiga keltirilib, xolislar ishtirokida shaxsiy tintuv qilingan. Shaxsiy tintuv vaqtida Mashhur K.,ning egnida bo‘lgan kurtkasining o‘ng cho‘ntagidan “Naftizin” nomli yelim idish ichidan 23 dona oq rangli dumaloq shakldagi tabletkalar, 1 dona oq-qizil rangli kapsula aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirilib olingan.
Sud-kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, tadbir davomida Mashxur K.,dan olingan oq qog‘ozga o‘ralgan 17 dona oq rangli dumaloq shakldagi tabletka va “Naftizin” nomli yelim idishda bo‘lgan 23 dona oq rangli tabletkalar tarkibida «Tramadol» giyohvandlik moddalari mavjudligi, umumiy sof og‘irligi 6.05 grammga teng ekanligi, 6 dona oq-qizil rangli kapsula tarkibida «Pregabalin» mavjudligi, uni narkotik va psixotrop moddalarni saqlash va sotish uchun maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalar tomonidan sotilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Mashhur K., ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositalarini sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti