Giyohvandlik vositasini tayyorlagan shaxslar qo‘lga tushdi
Toshkent viloyati. 2020 yilning 27 iyun kuni Yuqorichirchiq tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “Qora dori-2020” tadbiri davomida 22 yoshli B.Sh. va S.I., lar Yuqorichirchiq tumani Baliqchi mahallasidagi qabriston yonida joylashgan dala maydonida “nasha” o‘simligiga o‘xshash giyohvandlik moddasini o‘zlari isteʼmol qilishlari uchun qozonda qovurib turganligi aniqlanib, ashyoviy dalillar bayonnoma asosida rasmiylashtirib olingan.
Sudga oid kimyoviy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, S.I. va B.Sh., dan olingan modda yog‘da qovurilgan vazni 1.506 grammni tashkil qilgan “marixuana” giyohvandlik vositasi ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Yuqorichirchiq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi (ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov harakatlari davomida B.Sh. va S.I., lar ushbu giyohvandlik vositasini o‘zlari bir hafta davomida isteʼmol qilishlari uchun tayyorlaganliklari aniqlangan. Dastlabki tergov harakatlari aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti