O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Jabrlanuvchi bir zumda ayblanuvchiga aylandi-yu qoldi

Toshkent viloyati. 2021 yil 22 dekabr kuni Qibray tumani Yangihayot mahalla fuqarolar yig‘ini Sangak ko‘chasida yashovchi 23 yoshli Sh.D. tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, shu kuni soat 13:00 larda ikki nafar nomaʼlum shaxslar, boshlariga “kepka” kiyib, yuzlariga tibbiy niqob taqib, o‘tkir tig‘li jism bilan qurollanib, uni yashayotgan uyiga devor oshib o‘tish orqali g‘ayriqonuniy ravishda kirib, unga hamda qo‘lida bo‘lgan voyaga yetmagan 7 oylik farzandi Z.M., ga nisbatan o‘tkir tig‘li jism bilan tahdid qilishib, shikast yetkazish bilan qo‘rqitib, xonadonida bo‘lgan pul va moddiy qimmatliklarni berishini talab qilib, jami bahosi 19.000.000 so‘mlik tilla buyumlar,110 AQSH dollari va 1.100.000 so‘m pullarni egallab, hodisa joyidan yashiringanliklarini maʼlum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan dastlabki tergov davomida, ushbu jinoyatni hech kim sodir etmaganligi, uni xonadon egasi Sh.D. reja asosida qasddan o‘zi uyushtirganligini, bunga sabab qilib, turmush o‘rtog‘i turmushi davomida unga befarq bo‘lib, eʼtibor bermayotganligi oqibatida uni o‘ziga jalb qilish maqsadida mazkur holatni uyushtirganligi aniqlangan.

Mazkur jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandidan 237-moddasi 1-qismi (yolg‘on xabar berish)ga qayta malakalanib, shu kuning o‘zidayoq Sh.D. gumonlanuvchi tariqasida jinoyat ishiga jalb qilingan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech