Rasmiy ma'lumot: ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onada yigit voyaga yetmagan qizni urganligi holati yuzasidan
Farg‘ona. 2020 yilning 31 may kuni 22 yoshli N.Q., Farg‘ona shahar Yuksalish ko‘chasida joylashgan I.Karimov nomli san'at saroyi ro‘parasidagi yo‘lning chetida harakatlanib ketayotgan vaqtida, shu yerda it yetaklab ketayotgan fuqaro voyaga yetmagan Ye.K.(qiz), bilan o‘zaro gap talashib janjallashganligi oqibatida, N.Q., qizning yuz qismiga qo‘li bilan urib tan jarohati yetkazgan. Natijada Ye.K., tan jarohati olib, shifoxonaga murojaat qilgan.
Sud-tibbiy ekspertizaning xulosasida, Ye.K.,ning tanasida “yuzining o‘ng tomonidagi yumshoq to‘qimalarini lat yeyishi, pastki jag‘ suyagini o‘ng burchagi sohasidan sinib siljishi” kabi jarohatlar aniqlanib, sog‘liqning uzoq muddatga buzilshiga olib keladigan “O‘RTAChA” og‘irlikdagi shikastlar toifasiga kirishi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan 16.06.2020 yilda Farg‘ona shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro N.Q., ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi(qasddan badanga o‘rtacha og‘irlikdagi shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov xarakatlariga kirishilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan ya'ni “N.Q., o‘zi bilan birga 30-40 nafar tanishlarini yig‘ib kelganligi, N.Q., fuqaro Ye.K.,ga tan jarohati yetkazgan vaqtida, ko‘pchilik uni orqasida to‘planib turganligi” kabi ma'lumotlar va jabrlanuvchi hamda boshqalarning barcha vajlari tergov jarayonida to‘liq tekshirilib, huquqiy baho berilishi ta'minlanadi. Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini har tomonlama to‘la va xolisona o‘tkazilishi Tergov departamenti tomonidan alohida nazoratga olindi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti