Namanganda pul ishlab topish oʼrniga ularni bosma qilishga oʼringan shaxslar qoʼlga olindi
Namangan. 2020 yil 16 dekabrь kuni Chortoq tuman IIB va DXX tuman boʼlimi xodimlari bilan hamkorligida oʼtkazilgan tadbir natijasida 38 yoshli Foziljon А.,ning xonadoni koʼzdan kechirilganida, xonadon egasi va 27 yoshli Raximjon А., lar oʼzlari bilan olib kelgan “HP” rusumli noutbuk, “Epson” nomli rangli printer hamda turli rangdagi boʼyoqlari, “Delli” nomli laminatsiya uskunasi, 1 dona soch quritgich, dazmol va 4 ta qutida “А-4” formatdagi qogʼozlar, xonadon gilami ostidan “А-4” format qogʼozga chiqarilgan 50.000 soʼmlik kupyuradagi 18 dona, 100.000 soʼmlik kupyuradagi 4 dona qalbaki pullar bayonnoma orqali ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Chortoq tuman IIB huzuridagi Tergov boʼlinmasi tomonidan fuqarolar Foziljon А. va Raximjon А., larga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi “v” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib qalbaki pul yasash, ularni oʼtkazish) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, gumon qilinuvchilar protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda jinoyat ishi boʼyicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti