Tez tibbiy yordamga ishga kirish 600 dollarga baholandi
Samarqand viloyati. 2021 yilning 21 aprel kuni Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasida hamshira bo‘lib ishlovchi 33 yoshli U.Muhayyo o‘zining xizmat mavqeidan foydalangan holda, tanishi 38 yoshli S.Shahnozani “Tez tibbiy yordam”ga ishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilib, ish joyida S.Shahnozadan 600 AQSH dollar pul mablag‘larini olayotgan vaqtida JQB va DXX xodimlari tomonidan ushlangan.
Tadbir davomida, U.Muhayyodan kimyoviy ishlov berilgan 600 AQSH dollar pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Pastdarg‘om tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan U.Muhayyoga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (Firibgarlik, yaʼni xizmat mavqeidan foydalanib o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
Hozirda tergov davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti