Haydovchining qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki nafar shaxs vafot etdi, yana ikki nafari shifoxonada
Jizzax. 2020 yilning 15 oktyabr kuni soat 16-00 da, 26 yoshli Sh.I., o‘zining boshqaruvidagi “Nexia” rusumli avtomashinasida G‘allaorol tumani Buloqboshi q.f.Y., Chuvulloq qishlog‘i hududidan o‘tgan Dashtobod-Zomin-Baxmal 4R-40 avtomobil yo‘lining 173-km.da Baxmal-G‘allaorol yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan vaqtida, o‘ziga nisbatan qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan 28 yoshli E.R., boshqaruvidagi “Nexia” rusumli avtomashinasi yo‘liga chiqib ketishi oqibatida, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.
Natijada, har ikkala avtomashina haydovchilari yo‘l-transport hodisasida olgan tan jarohati sabab hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etishgan.
Shuningdek, marhum E.R.,ning boshqaruvidagi “Nexia” avtomashina yo‘lovchisi B.Sh., hamda Sh.I.,ning boshqaruvidagi “Nexia” avtomashina yo‘lovchisi A.U.,lar turli ko‘rinishdagi tan jarohatlari olib, G‘allaorol tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan G‘allaorol tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti