Avtomashinalardan o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir qilib kelayotgan shaxslar qo‘lga olindi
Surxondaryo viloyati. 2023 yil 25 mart kuni taxminan soat 06:00 da nomaʼlum shaxs transport vositasini olib qochish va talon-toroj qilish maqsadida Termiz shahar “Do‘stlik” mahallasi Taraqqiyot ko‘chasi hududida joylashgan 46-sonli ko‘p qavatli uylarning yoniga kelib, ushbu uyda yashovchi 37 yoshli X.G‘.ga tegishli bo‘lgan oq rangli “MATIZ” rusumli avtomashinani nomaʼlum tomonga olib qochib ketganligi aniqlangan.
Olib borilgan tergov-tezkor tadbirlari davomida mazkur avtomashina nomaʼlum shaxs tomonidan Termiz tumani Jo‘yjangal mahallasi Soxilbo‘yi ko‘chasiga tashlab ketganligi aniqlanib, xolislar ishtirokida avtomashina ko‘zdan kechirilganida jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan 200.000 so‘m pul va vidioregistratorga joylashgan fleshkartasi yo‘qligi aniqlangan.
Ushbu jinoyatni sodir qilgan nomaʼlum shaxsni aniqlashga qaratilgan chora tadbirlar natijasida aniqlanishicha, mazkur jinoyatni Termiz shahar Guliston mahallasida yashovchi 18 yoshli J.B. o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan mahalladoshi voyaga yetmagan 15 yoshli M.I. bilan bir guruhga birlashib jinoiy reja tuzib, sodir qilganliklari aniqlanib, ulardan avtomashina vidioregistratoridan olingan fleshkartasi ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Termiz shahar IIB huzuridagi TB tomonidan J.B. va voyaga yetmagan M.I.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeks 267-moddasi 2-qismining “b,g” bandlari (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilar protsessual tartibda ushlanganlar.
Tergov davomida qonunbuzarlar so‘roq qilinganlarida, ular o‘z ko‘rsatmalarida avvallari xam boshqa avtomashinalarni qulflarini buzib kelganliklarini, avtomashinada bo‘lgan qimmat baho narsalarini va pullarini o‘g‘irlab kelganliklarini, mazkur avtomashinani esa o‘zlari aylanish uchun olib kochishganliklarini, so‘ngra esa Jo‘yjangal mahallasi Soxilbo‘yi ko‘chasiga yetib kelganliklarida avtomashinaning benzini tugaganligi sababli uni ushbu mahallada tashlab ketishib, ichida bo‘lgan pullarini va vidioregistratordagi fleshkartasi olib ketishgan bayon qilishgan.
Hozirda, ushbu shaxslarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Muallif: Tergov departamenti O‘MIB tergovchisi
mayor T.Elbekov
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti