Jizzaxda ayanchli YTH, qurbonlar bor
Jizzax. 2020 yilning 09 sentyabr kuni soat taxminan 18:30 da Sharof Rashidov tumani Xayrobod MFY hududidan oʼtgan M-39 avtomobilь yoʼli “Toshkent-Samarqand” yoʼnalishining 997 kilometrida “Lacetti” rusumli avtomashina katta tezlikda harakatlanib, shu yoʼnalishda harakatlanib ketayotgan boshqa bir “Lacetti” rusumli avtomashinaning chap yon tomoniga urilib, yoʼlni boʼlib turgan beton toʼsiqni buzib oʼtib, qarama-qarshi yoʼnalishda harakatlanib ketayotgan “Kia” rusumli yuk avtomashinasi bilan toʼqnashgan.
Birlamchi maʼlumotlarga koʼra, katta tezlikda harakatlanib kelgan “Lacetti” avtomashinasida yongʼin kelib chiqqan, avtomashinada boʼlgan haydovchi va bir nafar yoʼlovchi hodisa joyda vafot etgan, qolgan 3 nafar yoʼlovchilar tibbiy muassasasiga yotqizilgan, ikkinchi “Lacetti” rusumli avtomashina yoʼl chetida agʼdarilib ketgan, avtomashinada boʼlgan haydovchi va yoʼlovchi tan jarohatlari olmagan, qarama-qarshi yoʼnalishda harakatlanib kelgan “Kia” yuk avtomashina haydovchisi ham tan jarohatlari olmagan.
Hodisa joyida tergov-tezkor guruhi ishlamoqda. Hodisa yuzasidan qoʼshimcha maʼlumot beriladi.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti