Elektr energiya tarmog‘idan qarzdorlikni 500 ming so‘m evaziga hal qilib berishni vaʼda qilgan shaxslar endilikda qonun oldida javob berishadi
Namangan viloyati. 2023 yil 27 mart kuni Namangan shahar Davlatobod tumanida 43 yoshli K.Ya. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda joriy yiling 24 mart kuni tanishi, 42 yoshli Sh.Z. bilan bo‘lgan vaqtida Sh.Z.ning telefon raqamiga notanish shaxs telefon qilib, o‘zini Namangan shahar elektr tarmoqlari korxonasida ishlovchi “Asadbek” sifatida tanishtirib, unga elektr energiyasidan 1.400.000 so‘m qarzi borligini, ushbu qarzdorlik miqdorini “Axror” ismli hamkasbi bilan birgalikda 500.000 so‘m evaziga hal qilib berishini aytib, ushbu pullarni Sh.Z.dan talab qilib kelayotganligini maʼlum qilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur arizaga asosan shu kuni Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, arizada qayd etilgan “Asadbek” ismli shaxs arizachidan Namangan shaharda joylashgan “Sardoba” savdo majmuasining avtomashinalar turargohida 500.000 so‘m pullarni olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida “Axror” ismli shaxs “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ Istiqbol ETK Kabel bo‘lagi elektro-montyori lavozimida ishlovchi 32 yoshli D.A. ekanligi, “Asadbek” ismili shaxs esa hech qayerda ishlamaydigan I.A. ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan shahar bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 168-modda 2-qismi «b» (firibgarlik) va 28,211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Muallif: Tergov departamenti katta tergovchisi
kapitan A. Avalbekov
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti