Samarqandda ona farzandi bilan tovlamachilik qilishayotgan vaqtida qo‘lga olinishdi
Samarqand viloyati. 2022 yilning fevral oyi o‘rtalarida, 43 yoshli A.D. o‘zganing mulkini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida, o‘zinining 16 yoshli qizi A.S. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, 29 yoshli B.G. bilan uchrashib, ularda unga tegishli bo‘lgan, B.G. tomonidan sir saqlanishi xohlagan videotasvirlar mavjud ekanligini aytishib, videoyozuvlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirib sharmanda qilish bilan qo‘rqitib, ushbu maʼlumotlarni oshkor qilmasliglari evaziga 2000 AQSH dollar pul talab qilib keliyotganliklari aniqlangan.
Joriy yilning 21 fevral kuni soat 18:30larda Samarqand shahri IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, B.G.dan tovlamachilik yo‘li bilan talab qilingan 2000 AQSH dollaridan 650 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida A.S. qo‘lga olinib, undan 650 AQSH dollari miqdoridagi pullar xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan A.D. hamda A.S.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular gumon qilinuvchi tariqasida jinoyat ishiga ishtirok etishga jalb qilinganlar.
Hozirda tergov davom etmoqda.
Taʼkidlash joizki, Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs sud tomonidan 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti