Fikridan qaytgan “ona” farzandini 10.000.000 soʼmga sotishga qaror qildi
Surxondaryo. 2020 yilning aprelь oyidagi Fuqarolik ishlari boʼyicha Qumqoʼrgʼon tumanlararo sudining yigʼilishida Jarqoʼrgʼonda yashovchi 28 yoshli F.N., qiz farzandini Qumqoʼrgʼon tumanida yashovchi 35 yoshli Yu.T.,ga qonuniy, sud orqali farzandlikka berishga rozi boʼlib, tugʼruq davomida ketgan dori-darmon va boshqa sarf-xarajatlariga deb 1.700.000 soʼm pullarni olib, Yu.T., ga farzandilikka berish uchun barcha hujjatlarni toʼplab sud zaliga borganda F.N. fikridan qaytib farzandini bermasligini bildirgan.
Oradan bir necha kun oʼtib, F.N. telefon orqali va bir necha marotaba Yu.T., ning yashash uyiga kelib, qiz chaqalogʼini sotish uchun Yu.T., dan 10.000.000 soʼm miqdordagi pul mablagʼini talab qilganidan soʼng, Yu.T. IIB ga ariza bilan murojaat qilgan.
Mazkur ariza asosida IIB xodimlari tomonidan fuqaro 2020 yilning 3 iyulь kuni Qumqoʼrgʼon tuman “Oqsoy” mahallasi hududida joylashgan “Yoshlar xiyoboni” hovlisida oʼtkazilgan tezkor tadbirda, F.N. qiz chaqalogʼi uchun Yu.T., dan talab qilgan 10.000.000 soʼm miqdorida pul mablagʼini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Qumqoʼrgʼon tumani IIB huzuridagi Tergov boʼlinmasi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti