12 nafar shaxsdan fuqarolik pasportini olib qo‘yib, ular fohishalik bilan shug‘ullanishga majbur qilgan ayol qonun oldida javob beradi
Samarqand. 2018 yilning avgust oyidan joriy yilning oktyabr oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida 44 yoshli O.K., Samarqand shahrida joylashgan uylarning birida K.U., R.E., A.A., K.A., M.F., L.M., M.Sh., G.M., M.R., H.S., D.R. va Z.B., larga ijaraga boshpana berishni vaʼda qilib, ularni fuqarolik pasportlarini g‘ayriqonuniy ravishda egallab, o‘ziga qaram qilib, tungi vaqtda Samarqand shahar Ro‘dakiy ko‘chasi va boshqa joylarida fohishalik bilan shug‘ullanishlariga majburlab, ularni zo‘rlik bilan ishlatib, har biridan kunlik 200.000 so‘mdan 500.000 so‘mgacha pullarni topish maqsadida foydalanib, ushbu yo‘l bilan topilgan pullarni o‘zida saqlab, shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflagan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O.K., ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “B” bandi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, o‘tkazilgan tintuv tergov harakati davomida yuqoridagi shaxslarning fuqarolik pasportlari tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Hozirda O.K., jinoyat ishi doirasida JKning 135-moddasi 2-qismi “B,i” bandlari bilan ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi tanlangan.
Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti