2021 yil 09 aprel kuni OАV hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali Surxondaryoda oʼquvchi qizni zoʼrlanganligi va 14 oydan beri zoʼravonga nisbatan xech qanday chora koʼrilmayotganligi toʼgʼrisida maqolalar yuzasidan RАSMIY MUNOSАBАT
Termiz shahrida yashovchi fuqaro R.S., Termiz shahri boʼyicha IIO FMB 1-sonli IIB boshligʼi nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda qizi 2003 yilda tugʼilgan S.Ch.,ni oldindan tanishi boʼlgan 1994 yilda tugʼilgan B.E. ismli yigit 2020 yilning yanvar oyida Termiz shahrida joylashgan restoranning qorovulxonasida zoʼrlab, nomusiga tekkanligini maʼlum qilib, unga nisbatan qonuniy chora koʼrishni soʼragan.
Mazkur holat yuzasidan Termiz shahri boʼyicha IIO FMB huzuridagi Tergov boʼlimi tomonidan tayinlangan sud-tibbiy ekspertizaning 2020 yil 18 mart kungi xulosasida fuqaro S.Ch.,ning badanida tan jarohatlari va ularning izlari aniqlanmaganligi, qizlik pardasining anatomik butunligi buzilganligi, lekin hodisa ancha oldin boʼlganligi sababli buzilish muddatini aniqlashning imkoniyati yoʼqligi koʼrsatilgan.
Bundan tashqari S.Ch.,dan olingan kiyimlar boʼyicha sud-biologik va sud-kriminalistik ekspertizalar tayinlanib, protsess ishtirokchilari tomonidan taqdim qilingan barcha ashyoviy dalil tariqasida baholanishi mumkin boʼlgan narsalar olinib, tergovga qadar tekshiruv materiallariga qoʼshilgan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida bir qator tergov harakatlari amalga oshirilib, ishga aloqador fuqarolardan tushuntirish xatlari olingan. Bundan tashqari mazkur holat doirasida sud-psixologiya hamda sud-psixiatriya ekspertizalari tayinlanib, xulosalari ish materiallariga qoʼshilgan.
Mazkur holat yuzasidan 16.03.2021 yilda fuqaro B.E.,ning harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud boʼlmaganligi asosi bilan JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qoʼzgʼatishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.
Termiz shahar prokuraturasi tomonidan 05.04.2021 yilda jinoyat ishi qoʼzgʼatishni rad etish qarori bekor qilinib, qoʼshimcha tergovga qadar tekshiruv oʼtkazish uchun Termiz shahri boʼyicha IIO FMBga yuborilgan va yurituvga olingan.
Mazkur holat yuzasidan IIV huzuridagi Tergov departamenti koʼrsatmasiga binoan masʼul xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruv tayinlangan.
Hozirda Termiz shahri boʼyicha IIO FMB 4-sonli IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan 06.04.2021 yilda sudga oid qayta komission tibbiy ekspertiza tayinlanib, toʼplangan hujjatlar Sogʼliqni saqlash vazirligining Respublika sud-tibbiyot ekspertiza ilmiy-amaliy markaziga yuborilgan.
Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va uning yakuniga koʼra qonuniy qaror qilinishi taʼminlanadi.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti