Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Navoiy viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi hamda hududiy Tergov bo‘linmalari faoliyatini o‘rgandi
Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari polkovnik Ya.A.Abdulxakov Navoiy viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi hamda viloyatning Navoiy shahar, Nurota, Karmana, Navbahor va Qiziltepa tumanlari IIBlariga tashrif buyurib, u yerda tashkil etilgan so‘rovxonalar faoliyatining ahvoli hamda Tergov bo‘limlari xizmat faoliyatini o‘rgandi.
Jumladan, vazir o‘rinbosari polkovnik Ya.A.Abdulxakov tomonidan IIVning 16.06.2020 yilgi “Ichki ishlar organlari faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash borasida ishlar samaradorligini yana-da oshirish to‘g‘risida”gi Farmoyishi hamda Tergov departamentining 24.09.2020 yilgi ko‘rsatmasi ijrosi bo‘yicha, tuman IIBda tashkil etilgan so‘rovxona faoliyatining umumiy ahvoli, Navoiy viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi va uning quyi tergov idoralari xodimlarining xizmat xonalarida yaratilgan sharoitlar, tergov bo‘linmasi xodimlarining yurituvidagi tergovga qadar tekshiruv hujjatlari hamda jinoyat ishlari, xizmat xonalariga o‘rnatilgan audio va videokuzatuv kameralarining ishlash ahvoli, shuningdek, tergov bo‘linmasida tashkil qilingan advokatlar xonasi bilan yaqindan tanishib, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish, kelgusida xizmat faoliyatini yana-da yaxshilash hamda tergov sifatini oshirish bo‘yicha bir qator aniq manzilli topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, joriy yilning 26 mart kuni soat 14:00 da Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi yig‘ilishlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2021 yil 12 fevral kuni Ichki ishlar vazirligi hayʼatining kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.B.Valiyev ishtirokida Navoiy viloyatida jinoyatchilikni jilovlash va oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ahvoliga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Shu kunning o‘zida, Navoiy viloyati IIB majlislar zalida Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.B.Valiyev ishtirokida Bosh prokuraturaning Jinoiy-huquqiy statistika boshqarmasi boshlig‘i L.T.Qalandarov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 31.10.2018 yildagi PF-5566-sonli va 10.08.2020 yildagi PF-6041-sonli Farmonlari ijrosini taʼminlash jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar hamda “Elektron jinoiy huquqiy statistika” yagona axborot tizimi va “ye-material” elektron tizimi bilan ishlash, shuningdek ushbu sohada yuzaga kelayotgan muammolar to‘g‘risida o‘quv-seminar mashg‘uloti o‘tkazildi.
Vazir o‘rinbosari polkovnik Ya.A.Abdulxakov tomonidan Navoiy viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari ish faoliyatini o‘rganish davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti